Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan «Qoraqalpoq tili «davlat tili» o‘qituvchilariga ustama pullar» haqida murojaat tarqaldi.
Tarqalgan murojaat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi nazoratiga olinib va quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmonining 12-bandiga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta taʼlim muassasalarida “Ona tili va adabiyot” hamda “Tarix” fanlari bo‘yicha Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy baholash tizimida olingan tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan va ushbu fanlardan dars beruvchi pedagog kadrlarga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanishi belgilangan.
Shunga koʻra, Taʼlim tili oʻzbek, rus va qoraqalpoq tili boʻlgan umumtaʼlim muassasalarida ishlovchi pedagoglar “Ona tili va adabiyot” (“Oʻzbek tili va adabiyoti”, “Rus tili va adabiyoti”, “Qoraqalpoq tili va adabiyoti”) fanidan tegishli taʼlim tiliga mos milliy sertifikatga ega boʻlganda 50 foiz miqdorida har oylik qoʻshimcha ustama toʻlash yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston-2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-son Farmoni tasdiqlandi. Farmon bilan 2025-yil 1-fevraldan boshlab tegishli darajadagi milliy sertifikatga ega boʻlgan “Oʻzbek tili (davlat tili)” fani oʻqituvchilarining tarif stavkalariga nisbatan 50 foiz miqdorida qoʻshimcha ustama toʻlanishi belgilangan. Farmonda Qoraqalpoq tili (davlat tili) inobatga olinmaganligi sababli, tarif stavkalariga nisbatan 20 foiz miqdorida qoʻshimcha ustama toʻlanishini ma’lum qilamiz.
QR Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Axborot xizmati