Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining 2026-yil 6-yanvardagi «Taqdimnomasi» asosida 2025-yil yakunlari hamda ta’lim tizimida korrupsion jinoyatlarning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri G.Kojabaeva, vazir o‘rinbosarlari Q.Ismayilov, M.Shlimbetova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining katta yordamchisi, birinchi darajali yurist B.Agitaev, shuningdek, vazirlik tizimidagi barcha tuman (shahar) bo‘limlari rahbarlari, xodimlari, umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari ishtirok etdi. Tadbir ZOOM platformasi orqali 16 ta tuman (shahar) studiyalaridan ulanib, jami 1300 nafarga yaqin, shundan 842 nafar soha xodimi qamrab olindi. Ochiq muloqotni vazir G.Kojabayeva ochib berib, korrupsiyaga qarshi kurashish bugungi kunda davlat siyosati darajasidagi muhim masala ekanini ta’kidladi. Ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan har bir xodim korrupsiyaga murosasiz munosabatda bo‘lishi, ushbu illatga qarshi kurashishda shaxsiy mas’uliyat va namuna ko‘rsatishi zarurligi qayd etildi. 2025-yil davomida tizimda aniqlangan korrupsiya jinoyatlari, byudjet mablag‘larining talon-toroj qilinishi, mansab vakolatidan suiiste’mol qilish holatlari tanqidiy ruhda muhokama qilindi. Shuningdek, korrupsiyaning oldini olish maqsadida joriy etilgan raqamlashtirilgan va shaffof mexanizmlar haqida to‘xtalib o‘tildi: ishga qabul qilish jarayonlarining argos.uz orqali amalga oshirilishi; 1-sinfga qabul va boshqa jarayonlarning elektron tizim orqali o‘tkazilishi; pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishda feys-nazorat, foto va videokuzatuv tizimlaridan foydalanilishi; xarid jarayonlarining to‘liq elektronlashtirilishi. Bu choralar inson omilining aralashuvini kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi. Shundan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining katta yordamchisi B.Agitaev so‘zga chiqib, tizimda aniqlangan jinoiy holatlar, javobgarlik choralari hamda ayrim hududlarda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan ma’ruza qildi. Vazirlik tomonidan o‘tkazilgan deklaratsiya jarayonlari orqali aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgani qayd etildi. Yakunida vazirlikning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi xodimi Sh.Babanazarova Sudning taklifi bilan tanishtirib, tizimda shaxsiy manfaatlarni ko‘zlab faoliyat yuritishga yo‘l qo‘yilmasligi, har qanday qonunbuzarlik jazosiz qolmasligi va monitoring ishlari izchil davom ettirilishini ta’kidladi. Ushbu ochiq muloqot ta’lim tizimida qonun ustuvorligini ta’minlash, ochiqlik va oshkoralikni yanada kuchaytirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashishda barcha darajadagi rahbar va xodimlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Tadbir davomida bildirilgan fikr-mulohazalar asosida tizimda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish va bunday salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tegishli xulosalar qilindi. Kelgusida ham ta’lim sohasida halollik, ochiqlik va adolat tamoyillariga qat’iy rioya qilish, korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettiriladi.

















