Joriy yilning 17 iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish, sohaga oid muammolarni o‘rganish va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ochiq muloqot tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 avgustdagi 426-sonli qarori talablari asosida o‘tkazilgan mazkur tadbirda oilaviy va davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritayotgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ta’sischi tadbirkorlari ishtirok etdi.
Ochiq muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Sirojiddin Xudayquliyev ishtirok etib, nodavlat maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar va amaldagi tartiblar bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.
Suhbat davomida tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar, xususan, nodavlat-bogcha.uz elektron platformasi orqali yuzaga kelayotgan texnik va tashkiliy muammolar atroflicha muhokama qilindi. Mutaxassislar tomonidan ushbu muammolarni bartaraf etish mexanizmlari, tizimdan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar va zarur tushunchalar berildi.

















