Prezident maktubidagi hayotiy saboqlar yoshlar qalbida
Ayrim so‘zlar faqat bir odamga emas, butun bir avlodga aytiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nabirasi Shavkatbekka yo‘llagan maktubi ana shunday so‘zlardan biridir. Ota mehri bilan yozilgan bu samimiy maktub bugun minglab o‘quvchi va talaba-yoshlar uchun hayotiy saboq va ibrat manbaiga aylanmoqda.
Vazirlikda va Respublikamizdagi barcha ta’lim muassasalarida xatning mazmun-mohiyatini o‘quvchi va talaba-yoshlarga keng yetkazish maqsadida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Ma’naviyat soatlari, davra suhbatlari, ustoz va shogirdlar uchrashuvlarida xatda ilgari surilgan fikrlar chuqur tahlil qilinmoqda.
O‘quvchilar va o‘qituvchilar maktubdagi hayotiy saboqlar yuzasidan o‘z munosabatlarini bildirmoqda. Ilmga ishtiyoq, odob va kamtarlik, mehnatsevarlik, ota-onaga hurmat hamda Vatanga sadoqat haqidagi bu da’vatlar har bir yoshning qalbida chuqur iz qoldirmoqda. Yoshlar bu maktubni har bir o‘quvchiga qaratilgan, har bir oilaga daxldor so‘zlar sifatida qabul qilmoqda.


















