Seminar doirasida tarbiyalanuvchilar o‘rtasida “Futbol – do‘stlik elchisi” mavzusida Vazir kubogi bo‘lib o‘tdi. Ushbu sport tadbiri kichkintoylar o‘rtasida sog‘lom raqobatni targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish va eng asosiysi, do‘stlik va jamoaviylik tuyg‘ularini mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.

Tadbirda turli millat vakillari bo‘lgan bolajonlar ishtirok etib, millatlararo ahillik, totuvlik va o‘zaro hurmat muhitini amalda namoyon etdilar. Ularning bir jamoa bo‘lib harakat qilgani, bir-birlarini qo‘llab-quvvatlagani tadbirga alohida iliqlik baxsh etdi.

Bellashuv davomida kichkintoylar o‘zlarining epchilligi, chaqqonligi bilan yig‘ilganlarga yorqin taassurot qoldirdilar. Har bir jamoa futbol orqali nafaqat sport mahoratini, balki mehr-oqibat va birdamlik ruhini ham ko‘rsatdi.

Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Futbol o‘yini bolajonlar uchun haqiqiy quvonch va motivatsiya manbaiga aylandi.