Maktab o‘quvchilari uchun ochiq muloqot o‘tkazildi

Nukus shahridagi «Sanoat qurilish bank»da «Butunjahon omonatlar kuni – 2026» (World Savings Day) tadbirlariga start berildi.

15 oktyabrdan 15 noyabrgacha davom etadigan ushbu tadbirlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Markaziy bank va tijorat banklari bilan hamkorlikda o‘quvchilarning moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan.

Tadbirning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillari, «Sanoat qurilish bank» xodimlari hamda Nukus shahridagi 46, 36, 52-sonli maktab faollari ishtirok etdi.

Ishtirokchilarga mablag‘ni to‘g‘ri boshqarish, mablag‘larni tejash, jamg‘arishning ahamiyati va moliyaviy mas’uliyat haqida tushunchalar berildi.

Asosiy maqsad – yoshlarda pulni oqilona sarflash, mablag‘ni tejash va kelajak uchun jamg‘arish ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni moliyaviy jihatdan mas’uliyatli qarorlar qabul qilishga o‘rgatishdan iborat.