Bugun, 6 mart kuni Nukus shahri Yosh tomoshabinlar teatrida «Yangi O‘zbekiston» universitetining Sanetullayev Alisher Esbosinovich va Rossiya Fanlar akademiyasining taniqli professori Belov Pavel Aleksandrovich, Qoraqalpog‘iston Respublikasining umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari ishtirokida «Mahorat soatlari» tashkil etildi. Tadbirni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bo‘lim boshlig‘i M.Asemetdinov ochib berdi va olib bordi. Dastlab, professor Belov Pavel Aleksandrovich o‘zining ilmiy faoliyati va tadqiqotlari haqida ma’ruza qildi. U «Elektromagnit to‘lqinlarning hayotda qo‘llanilishi» mavzusida taqdimot qilib, bu boradagi eng so‘nggi tadqiqotlar va innovatsiyalar bilan tanishtirdi. Xususan, simsiz quvvatlash uskunasining ishlash prinsipi, uning zamonaviy hayotdagi ahamiyati va istiqbollari haqida batafsil tushunchalar berdi. Shundan so‘ng, Sanetullayev Alisher Esbosinovich Yangi O‘zbekiston universiteti faoliyati, ta’lim dasturlari va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari haqida taqdimot bilan so‘zga chiqdi. U mazkur universitetning ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari, talabalarga yaratilgan qulayliklar va xalqaro miqyosdagi hamkorlik loyihalariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, Yangi O‘zbekiston universitetida fizika va muhandislik yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar haqida ham ma’lumot berildi. Tadbirda o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.