Joriy yilning 11 aprel kuni maktab o‘quvchilari ishtirokida sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarining sabablarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash maqsadida vazirlikning majlislar zalida muhim yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari M.Shlimbetova, Orolbo‘yi transport prokuraturasi prokurori o‘rinbosari B.Erejepov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi katta inspektori Sh.Urazbaev hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi katta inspektori leytenant B.Zinelbaev, Nukus shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktori va ularning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, shuningdek, barcha tumanlardagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbarlari va ularning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari masofadan ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, o‘quvchilarning harakatlanish madaniyatini oshirish, ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, maktablar atrofida xavfsiz infratuzilmani yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida tegishli takliflar ishlab chiqildi va bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.