Joriy yil 30 aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining majlislar zalida «Ta’lim sohasida korrupsiya holatlarining oldini olish va unga qarshi kurashish» mavzusida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri G.Kojabaeva, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining katta yordamchisi Beket Agitaev, Jinoyat ishlari bo‘yicha sudining sudyasi Rasul Nazarov, Adliya vazirligi sektor boshlig‘i Nuriya Berdiniyazova, shuningdek, vazirlik xodimlari, tuman va shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari boshliqlari, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri G.Kojabaeva ochib berdi va olib bordi.

Yig‘ilish davomida 2024 yil davomida ta’lim tizimida sodir etilgan korrupsion jinoyatlar chuqur tahlil qilindi. Jumladan, ayrim maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlari tomonidan ishga qabul qilishda pora olayotgani, va’da o‘rniga noqonuniy harakatlarga yo‘l qo‘yilayotgani bo‘yicha keskin tanqidiy fikrlar bildirildi.

Bu holatlar ta’lim sohasida jamoatchilik ishonchiga putur yetkazayotgan omillardan biri ekani qayd etildi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan prokuratura, sud va adliya organlari vakillari tomonidan korrupsiya holatlariga huquqiy baho berilishi, qonunchilikda belgilangan choralar ko‘rilishi yuzasidan ma’lumotlar berildi. Ta’lim tizimi xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, ochiq muloqotlar orqali muammolarni hal etish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, 2025 yilning birinchi choragida aniqlangan korrupsiya holatlari bo‘yicha xizmat tekshiruvlari natijalari, jinoyat ishlari va ko‘rilayotgan choralar yuzasidan ma’lumotlar berildi.

QR Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Axborot xizmati