Bugun, 18-avgust kuni Nukus davlat pedagogika institutida 78 maktabda yangi baholash tizimida o‘quvchilar bilimini baholash amalga oshirilgan va maktabda yangi baholash tizimida o‘quvchilar bilimini baholash amalga oshiriladigan 156 maktabning direktori va ularning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari ishtirokida seksiyalarga bo‘lingan holda jami 468 ishtirokchiga, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tegishli mutaxassislari tomonidan o‘quv-seminar tashkil etildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari A.Davletbayev ishtirok etdi.

Hozirgi kunda umumiy o‘rta ta’lim maktablari bosqichma-bosqich o‘quvchilar bilimini baholashning yangi tartibiga o‘tkazilmoqda, O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha shu kunga qadar 1500 maktabda yangi baholash tizimida o‘quvchilar bilimini baholash amalga oshirilgan bo‘lsa, 2025-2026 o‘quv yilida 1800 maktab qo‘shilib jami 3300 ga yetkazish rejalashtirilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa 2023-2024-o‘quv yilida Respublikamizda 34 ta umumta’lim maktablarida yangi baholash tizimi joriy etilgan bo‘lsa, 2024-2025-o‘quv yilida 44 ta umumta’lim maktablari yangidan qo‘shilib, hozirgi kunda 78 ta maktabda yangi baholash tizimida o‘quvchilarning bilimini baholash amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, 2025-2026 o‘quv yilidan o‘quvchilar bilimini baholashning yangi tartibini 156 ta umumta’lim maktabida joriy etish rejalashtirilib, maktablar soni Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 234 taga (32,2%) yetkazilishi belgilangan.

Bugungi o‘tkazilayotgan o‘quv-seminarda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tegishli mutaxassislari va trenerlar tajriba almashish uchun ishtirok etmoqda.