“2025 yil yakunlari va 2026 yil vazifalari” muhokama qilindi
Bugun Qoraqalpoq davlat universitetining majlislar zalida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “2025 yil yakunlari hamda 2026 yildagi vazifalari” mavzusidagi kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlanish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha kotibiyati mudiri Bekbay Kalimbetov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Gulistan Kojabaeva, vazir o‘rinbosarlari hamda respublika bo‘yicha barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida 2025 yilda ta’lim sohasida amalga oshirilgan ishlar aks etgan videorolik namoyish etildi. Shundan so‘ng Bekbay Kalimbetov ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarga ijobiy baho berdi. Vazir Gulistan Kojabaeva esa 2025 yilda erishilgan yutuqlar, mavjud kamchiliklar hamda 2026 yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Yig‘ilish doirasida vazirlik tashabbusi bilan ilk bor joriy etilgan “A’lo maktab–2025” loyihasi yakunlari e’lon qilinib, g‘oliblar taqdirlandi.
G‘olib maktablar:
1-guruh — Nukus shahri 46-sonli maktab
2-guruh — Qo‘ng‘irot tumani 47-sonli maktab
3-guruh — Kegeyli tumani 55-sonli maktab
4-guruh — Shumanay tumani 33-sonli maktab
G‘oliblarga vazirlikning “Faxriy yorlig‘i”, statuetka hamda “Xorijga sayohat” vaucherlari topshirildi.
Shuningdek, loyihada faol ishtirok etgan 9 nafar maktab direktori va yil davomida yuqori natijalarga erishgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari vazirlikning “Faxriy yorlig‘i” bilan taqdirlandi.
Tadbir madaniyat xodimlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom etdi.























