Joriy yilning 5 fevral kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi «Kelajak» markazi hamkorligida «Kelajak sari birinchi qadam» shiori ostida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Q.Ismailov, Pedagogik mahorat markazi direktori G.Kojabaeva, «Kelajak» markazi direktori R.Tashimov va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida «Kelajak» markazi direktori R.Tashimov 2026 yildan boshlab «Barkamol avlod» bolalar maktablari negizida tashkil etilgan «Kelajak» markazlari, ularning maqsad va vazifalari, ustuvor yo‘nalishlari hamda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, ushbu tashabbuslar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 8 sentyabrdagi PQ-277-sonli «Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida amalga oshirilmoqda.
Tadbir davomida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddi rahbarlardan atroflicha javoblar oldi.
Matbuot anjumani yakunida ishtirokchilar «Kelajak» markazida faoliyat yuritayotgan to‘garaklar bilan yaqindan tanishib, u yerda yaratilgan sharoitlarga yuqori baho berdi.

















