Nukusda iqlim ta’limiga bag‘ishlangan muhim seminar bo‘lib o‘tdi BMT Taraqqiyot dasturi, Education Above All fondi, «Zamin» xalqaro jamoat fondi va O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda bugun Nukus shahridagi 55-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida «O‘zbekistonda iqlim ta’limi orqali yoshlarning yetakchilik qobiliyatlarini kuchaytirish va rivojlantirish» mavzusidagi qo‘shma loyiha doirasida mazmunli seminar tashkil etildi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Aybek Dauletbaev, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi loyiha ijrochisi Ozod Haydarov va loyiha menejeri Laziz Khujaqulov, o‘qituvchilar va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi. Seminarning asosiy maqsadi – yoshlar ongida ekologik madaniyatni shakllantirish, ularning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda «yashil» fikrlashni keng targ‘ib qilishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, o‘qituvchilarga zamonaviy yondashuvlar asosida iqlim ta’limini dars jarayonlariga samarali integratsiyalash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Loyiha doirasida umumta’lim maktablarida tabiiy va amaliy fanlarga iqlim o‘zgarishi bo‘yicha ta’limni joriy etish, 2 520 nafar murabbiy va 50 ming nafar o‘qituvchining malakasini oshirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, yuqori sinf o‘quvchilaridan jami 1,3 million nafar yoshning salohiyatini iqlim ta’limi va «yashil» ko‘nikmalar orqali rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Ushbu tashabbus mamlakatimizda barqaror taraqqiyotni ta’minlash, yosh avlodni atrof-muhitga mas’uliyat bilan yondashishga undash va O‘zbekistonning yanada yashil kelajagini barpo etishga xizmat qiladi.