Ijtimoiy tarmoqlarda Nukus shahri 12-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi rahbariyati tomonidan 2026-yil 2-may kuni pedagog xodimlar majburiy tarzda shanbalik ishlariga jalb etilgani yuzasidan tarqalgan xabarlar bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganish jarayonida aniqlanishicha, mazkur maktab pedagoglari tomonidan “9-may — Xotira va qadrlash kuni” arafasida maktab hududi va uning atroflarida obodonlashtirish ishlari o‘z ixtiyorlari asosida amalga oshirilgan.

Shuningdek, pedagog xodimlarni shanbalik ishlariga majburiy jalb etish holatlari hamda ulardan majburiy tarzda tushuntirish xati yozdirilgani haqidagi ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topmadi.

Shu munosabat bilan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mazkur xabarlar asossiz ekanligini ma’lum qilamiz.

Hurmatli fuqarolar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan tekshirilmagan hamda tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘raymiz.

QR Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Axborot xizmati