Bugun, 8-sentyabr kuni Nukus shahridagi 53-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun uch kunlik “Muvozanat” psixologik treningi o‘z ishini boshladi.
Mazkur trening O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi — pedagog va maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlarining ruhiy-emotsional holatini qo‘llab-quvvatlash, ichki muvozanatni saqlash va kasbiy salomatlikni mustahkamlashdan iborat.
Trening davomida ishtirokchilar:
– emotsional salomatlikni tiklash va qo‘llab-quvvatlash;
– stressni boshqarish va o‘zini o‘zi nazorat qilish;
– emotsional intellektni rivojlantirish;
– kasbiy motivatsiyani mustahkamlash;
– bolalar bilan ishlashda sog‘lom emotsional muhit yaratish;
– ta’lim muhitida emotsional va jismoniy zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.
Mutaxassislar zamonaviy psixologik metodikalarni o‘zlashtirib, interfaol mashg‘ulotlarda ishtirok etadi, amaliy texnikalarni qo‘llab ko‘radi va o‘zaro tajriba almashadi.
Treningning asosiy e’tibori — pedagogning ruhiy farovonligi orqali bolalar uchun sog‘lom va xavfsiz emotsional muhitni shakllantirishga qaratilgan.
Trening mashg‘ulotlari 10-sentyabrga qadar davom etadi.

















