Ellikqal’a tumanidagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalar uchun yaratilgan sharoitlar haqida
Rasmiy munosabat
Joriy yilning 15 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Ellikqal’a tumanidagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan birida tarbiyalanayotgan bolalar uchun yaratilgan sharoitlar aks etgan video tarqaldi.
Tarqatilgan materiallarda bolalarning yotoqxonadagi sharoitlari aks etgan bo‘lib, holat bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ellikqal’a tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligini saqlash bo‘limi mas’ullari tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari olib borildi.
Vaziyat bo‘yicha bajarilgan ishlar:
O‘rganish davomida Ellikqal’a tumani Abay MFY, Otajon Xudoyshukur ko‘chasi, 41-uyda joylashgan, yakka tartibdagi tadbirkor Jangaboyeva Aydana Musatay qizi tomonidan tashkil etilgan, 30 bolaga mo‘ljallangan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi va tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
O‘rganish natijasida tashkilotda ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgani sababli mebellar joyidan ko‘chirilgani, yotoqxona ikki xonaga joylashtirilgani, birinchi xonada 8 ta karavot borligi, ikkinchi xonadagi karavotlar esa tashqariga olib chiqilgani aniqlandi. Shuningdek, tashkilotda jami 10 ta ikki qavatli krovat borligi ma’lum bo‘ldi.
O‘rganish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 0016-21-sonli sanitariya qoidalari va normalari (SanQvaM) talablari buzilganligi aniqlandi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, bolalar hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish hamda ular uchun belgilangan talablarga muvofiq sharoitlarni ta’minlash maqsadida oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati tegishli xulosa berilgunga qadar vaqtincha to‘xtatildi.
Ushbu holat mutasaddi tashkilotlar nazoratiga olingan bo‘lib, bolalar uchun xavfsiz va sanitariya-gigiyena talablariga mos sharoitlar yaratilishi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
QR Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Axborot xizmati
















