Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Respublika «Barkamol avlod» bolalar maktabi hamkorligida «Muhim 90 kunlik» ish rejasi doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar va blogerlar ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Ushbu tadbirning asosiy maqsadi – ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar, xususan, bolalar va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, shuningdek, «Barkamol avlod» maktablarining faoliyati va ulardagi ilg‘or tajribalarni keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat.
Tadbir davomida OAV vakillariga sohada amalga oshirilayotgan ishlar, amaldagi loyihalar, istiqboldagi rejalarning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Ishtirokchilar maktab faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari, to‘garaklar, ustozlar jamoasi va o‘quvchilarning ijodiy ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, press-tur davomida jurnalist va blogerlar «Barkamol avlod» bolalar maktabida yaratilgan zamonaviy sharoitlar – texnik jihozlar, to‘garak xonalari, kutubxona, sport va madaniyat maydonchalarini ko‘zdan kechirdi. Maktabda o‘quvchilarning har tomonlama rivojlanishi uchun yaratilgan imkoniyatlar, innovatsion yondashuvlar va ijodiy muhit barchada katta taassurot qoldirdi.