Bugun Vazirlar Kengashining Raisi F.Ermanov va Jo’qorg’i Kenges Qo‘mita raisi M.Atamuratovning raisligida 2025-2026-o‘quv yiliga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan tanqidiy va tahliliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda respublikamiz bo‘yicha barcha tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarining boshliqlari, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining direktorlari va mas’ul rahbar xodimlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda yangi o‘quv yiliga samarali tayyorgarlik ko‘rish, ta’lim muassasalarida mavjud sharoitlarni takomillashtirish, o‘quv-tarbiya jarayonini yuqori darajada tashkil etish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga, ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilar malakasini muntazam oshirib borish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish va o‘quvchilar uchun munosib ta’lim muhitini yaratish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Uchrashuv doirasida bu yilgi bitiruvchi o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari ham tahlil qilindi. Ayrim tumanlar kesimida natijalar o‘zaro taqqoslanib, yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan hududlar tajribasi misol sifatida keltirildi. Shuningdek, past ko‘rsatkich qayd etilgan hududlar bo‘yicha sabablar ochiq muhokama qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar belgilandi.
Shuningdek, infratuzilma, o‘quv qurollari bilan ta’minlash, pedagog kadrlar yetishmasligi va boshqa dolzarb masalalar ham tanqidiy tahlil qilindi. Muammolarni hal etish bo‘yicha aniq vazifalar va muddatlar belgilandi.
Uchrashuv yakunida mutasaddi rahbarlarga yangi o‘quv yilini munosib kutib olish, ta’lim tizimida sifat o‘zgarishlarini ta’minlash hamda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.