Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining raqamlashtirish sohasini rivojlantirish bo‘yicha belgilab bergan tegishli topshiriqlarini bajarish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 271-sonli buyrug‘i tasdiqlandi. Mazkur buyruqda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 5-6-7-sinf o‘quvchilarining axborot texnologiyalariga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularning axborot kompetensiyalarini shakllantirish, dasturlash asoslarini o‘rgatish, raqamli savodxonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda yoshlarni zamonaviy IT yo‘nalishlariga keng jalb etish maqsadida «Informatika va axborot texnologiyalari» fanidan qo‘shimcha to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash uchun Nukus shahridagi 8-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi bazasida Respublika amaliy seminari tashkil etildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari A.Dauletbaev, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va raqamlashtirish vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi seksiyasi boshlig‘i T.Baekeev va hududlardagi informatika fani o‘qituvchilari ishtirok etdi.
IT yo‘nalishidagi to‘garaklar faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish, to‘garak jurnalini elektron tarzda yuritish va o‘quvchilar haqidagi ma’lumotlarni «kkbilimlendiriw.uz» platformasiga kiritib borish masalalari hamda o‘qituvchilarning ilg‘or tajribalari, metodik yondashuvlari va innovatsion yechimlari muhokama qilindi.