Bugun barqaror rivojlanish maqsadlari va milliy majburiyatlar doirasida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va uning ta’sirini yumshatish bo‘yicha global va milliy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida «O‘zbekistonda iqlim ta’limi orqali yoshlarning yetakchilik qobiliyatlarini kuchaytirish va rivojlantirish» qo‘shma loyihasi ishga tushirildi. Loyiha doirasida Orolbo‘yi hududlarida yoshlarni yanada «yashil» kelajak uchun safarbar etishga qaratilgan qator tadbirlar o‘tkazildi. Ushbu loyiha BMTTD tomonidan O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, «Zamin» xalqaro jamoat fondi va «Ta’lim hamma narsadan ustun» jamg‘armasi (Qatar) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirda 150 nafar maktab o‘quvchilari va mahalliy yoshlar yetakchilari 1,3 milliondan ortiq yoshlarni iqlim muammolari, barqaror qishloq xo‘jaligi va toza energiya kabi amaliy ko‘nikmalar bo‘yicha o‘qitishga qaratilgan loyiha bilan tanishdi. Loyiha qurg‘oqchilik, suv tanqisligi va cho‘llanish kabi iqlim muammolariga duch kelayotgan qishloq hududlariga qaratilgan bo‘lib, yoshlarning iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq mahalliy muammolarni hal qilishda yetakchi bo‘lish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
«Yoshlarga iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlash, O‘zbekistonning barqaror kelajagiga sarmoya kiritish demakdir,» – dedi O‘zbekistondagi BMTTDning loyiha rahbari Laziz Xo‘jaqulov. «Bu tadbirlar yoshlar tashabbusini «yashil» jamiyatlar uchun amaliy harakatga aylantirish yo‘lidagi ilk qadamdir.»
Tadbir davomida maktab o‘quvchilari Yosh yashil elchilar jamoasini shakllantirish, iqlim sohasidagi yetakchining mahorat darsi, startaplar ko‘rgazmasi va iqlim bo‘yicha xabardorlikni baholash uchun onlayn so‘rovnoma kabi interfaol mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Bundan tashqari, o‘quvchilar guruhlarga bo‘linib, iqlim muammolariga yechimlar bo‘yicha g‘oyalarni muhokama qildilar va taklif etdilar. Bu mashg‘ulotlar turli hududlardan kelgan yoshlar o‘rtasida qiziqish uyg‘otdi va ular o‘rtasida aloqalar o‘rnatilishiga sabab bo‘ldi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari A.Davletbayev shunday fikr bildirdi: «Iqlim masalalarini o‘rganishga va bu yo‘nalishda harakat qilishga intilayotgan shuncha ko‘p yoshlarni ko‘rib, juda xursand bo‘ldik. Bu loyiha yoshlarimizga o‘z hududlarida o‘zgarishlarga yetakchilik qilish imkonini beradi, bu esa hududlarimizni murakkab iqlim sharoitlariga yanada chidamli qiladi.»
O‘zbekiston, ayniqsa, Orolbo‘yi hududlarida haroratning ko‘tarilishi, suv tanqisligi va cho‘llanish muammolariga duch kelmoqda. 2025 yildan 2028 yilgacha amalga oshiriladigan 7,5 million dollarlik loyiha doirasida maktab dasturlariga iqlim bo‘yicha darslar kiritilishi, o‘qituvchilar malakasini oshirish va kasbiy ko‘nikmalar markazida (Monomarkaz) «yashil» ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda. Loyihada ishtirokchilarning kamida yarmi yosh xotin-qizlar bo‘lib, bu ekologik yetakchilikda gender tengligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ushbu loyiha O‘zbekistonning milliy iqlim strategiyasini qo‘llab-quvvatlab, mamlakatning iqlimga ta’sirchan hududlari uchun uzoq muddatli va barqaror yechimlarni taqdim etishi kutilmoqda.