Rasmiy munosabat
Shu yilning 3-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Xo‘jayli tumanida noma’lum shaxs maktab o‘quvchisini o‘g‘irlab ketmoqchi bo‘lgan holat bo‘yicha ma’lumot tarqalgan edi.
Ushbu holat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan alohida nazoratga olinib, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor va surishtiruv ishlari olib borildi.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida ushbu fuqaroning shaxsi to‘liq aniqlanib, Qo‘ng‘irot tumanidan kelgani, muqaddam sudlangani, spirtli ichimlik ichgan mast holatida 1-sinf o‘quvchisiga salbiy harakatlar qilgani ma’lum bo‘ldi. Hozirda mazkur holat yuzasidan Xo‘jayli tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 129-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov jarayoni va natijasi bo‘yicha OAV orqali qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
QR Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Axborot xizmati
















