Fransiyada bo‘lib o‘tgan Xalqaro Frankofoniya tashkilotining 19-sammiti doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda “Kokoro Lingua” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Bugun Nukus shahri 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida
“Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Kokoro Lingua” innovatsion fransuz tilini o‘rganish platformasidan samarali foydalanish” mavzusida Respublika seminari tashkil etildi.
Seminarda “Kokoro Lingua” kompaniyasi asoschisi Nathalie Lesselin, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Muxabbat Shlimbetova, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Maktabgacha ta’limni muvofiqlashtirish departamenti mutaxassisi Bahromjon Ermatov, shuningdek, respublikadagi barcha tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari mutaxassislari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Memorandum doirasida Toshkent shahridagi 12 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tanlab olinib, ularda innovatsion “Kokoro Lingua” platformasiga joylashtirilgan 10 ta videodars orqali bolalarga fransuz tili bepul o‘rgatilmoqda.
Videodarslarning bolalar yoshiga mosligi, qiziqarliligi va samaradorligi ijobiy natijalar berayotgani sababli ushbu tajribani Respublika bo‘ylab maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tatbiq etish rejalashtirilmoqda.
Ma’lumot uchun:
2026-yil yanvar oyidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 24 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining 71 ta katta va maktabga tayyorlov guruhlarida “Kokoro Lingua” innovatsion platformasi orqali fransuz tilini o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi.

















