Adabiyotimizning yirik namoyandalari – Hamid Olimjon va Zulfiya Isroilovaning boy ijodiy merosini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish, ularning hayoti va ijodi orqali kitobxonlik madaniyati, badiiy tafakkur, milliy g‘urur va ma’naviy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlash maqsadida joriy yilning 19-28-fevral kunlari «Adabiyot osmonidagi ikki yulduz» mavzusida ijodiy forum tashkil etilishi rejalashtirilgan edi. Ushbu forum doirasida Nukus shahridagi Yoshlar markazida «Zulfiya» nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari – Gulbahar Aximbetova, Erkinay Orinbaeva va Gulsanam Orozbaevalar ishtirokida maktab o‘quvchi-qizlari bilan samimiy va mazmunli uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuv davomida sovrindorlar o‘zlarining hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashib, strategik reja va aniq maqsadlar qo‘yish, ta’lim olish yo‘lida qat’iy harakat qilish, izlanish va mehnatning ahamiyati haqida atroflicha fikr bildirdi. Shuningdek, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni, ularning ma’naviy yetukligi va intellektual salohiyati orqali jamiyat rivojiga qo‘shayotgan hissasi alohida e’tirof etildi. Tadbir yosh qizlar uchun katta motivatsiya bo‘ldi.