2026 yilning 24-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev tomonidan yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarga bag‘ishlangan muloqoti davomida Mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” bo‘lishi belgilab berilgan edi. Ushbu tashabbus yoshlarning fikr-mulohazalarini eshitish, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ta’lim tizimidagi islohotlarni yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda. Mazkur tashabbus ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri v.b. M.Shl’mbetovaning Nukus shahridagi Prezident maktabida iqtidorli o‘quvchi qizlar bilan ochiq muloqoti tashkil etildi. Tadbirda mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ayniqsa qizlarning bilim olishi va o‘z salohiyatini rivojlantirishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida fikr almashildi. Muloqot davomida iqtidorli o‘quvchi qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ta’lim sifati, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash, xalqaro fan olimpiadalarida ishtirok etish, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish hamda kelajak rejalari haqida fikrlarini bildirishdi. Shuningdek, ular tomonidan ilgari surilgan taklif va g‘oyalar diqqat bilan eshitilib, ularni amalga oshirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi. Uchrashuv samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tdi. Bunday muloqotlar yoshlarning fikrini eshitish, ularni qo‘llab-quvvatlash, iqtidorini rivojlantirish hamda kelajakda mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan bilimli va faol avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Tadbir yakunida ishtirokchi qizlar davlatimiz tomonidan yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirib, kelajakda yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga va’da berishdi.

















