Bog‘cha tarbiyalanuvchilarini noqonuniy tashish holati bo‘yicha rasmiy munosabat.

Ijtimoiy tarmoqlarda maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilarini yengil avtomashinalarda (Damas) o‘zboshimchalik bilan tashish holatlari aks etgan video tarqaldi.

Ushbu video bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan nazoratga olinib, o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganishlar davomida ushbu holat Chimboy tumanida joylashgan, xususiy tadbirkor tomonidan tashkil etilgan oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari bilan bog‘liq ekanligi aniqlandi. Aniqlangan holat bo‘yicha mazkur tashkilot ta’sischisidan tushuntirish xati olindi. Shuningdek, bunday holatlarning oldini olish maqsadida tadbirkorlarga ogohlantirishlar berildi.

Bundan tashqari, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamda tuman Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi mutaxassislari bilan hamkorlikda tushuntirish ishlari olib borildi. Transportda odam tashish qoidalariga rioya qilmagan avtotransport haydovchilariga nisbatan tegishli mutaxassislar tomonidan belgilangan tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, jarimalar qo‘llanildi.

Ayni paytda salbiy holatlarning oldini olish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan barcha hududlarda profilaktik va tushuntirish ishlari davom ettirilmoqda.

QR Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Axborot xizmati