O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF–16-son farmoni ijrosini ta’minlash, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumiy oʻrta taʼlim hamda hududda joylashgan oliy taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan psixologlar va professor-oʻqituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, ularni zamonaviy psixologik-pedagogik yondashuvlar, profilaktik va korreksion ish usullari bilan taʼminlash, taʼlim muassasalarida sog‘lom ijtimoiy-psixologik muhitni mustahkamlash maqsadida Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan joriy yilning yanvar-aprel oylarida hududlarda “Ta’limda psixologik farovonlikni birga yaratamiz” mavzusida o‘quv-seminarlar tashkil etildi. Mazkur o‘quv-seminarlar amaliy yo‘naltirilgan bo‘lib, ularda psixologik xizmatni tashkil etish, psixoprofilaktika, psixodiagnostika, muammoli vaziyatlarni erta aniqlash, korreksion ishlarni rejalashtirish va ota-ona hamda pedagoglar bilan hamkorlikda ishlashning samarali usullari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 2026-yil 7-aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda maktab ta’limi muassasalari psixologlari uchun oflayn hamda boshqa barcha hududlar uchun “ZOOM” platformasi orqali onlayn tarzda o‘quv-seminarlari o‘tkazildi. O‘quv-seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasidadan jami 68 nafar maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda maktab ta’limi muassasalari psixologlari qamrab olindi. Seminarlar davomida 2 nafar hududiy trenerlar hamda 6 nafar yordamchi trenerlar tomonidan ““Neyropsixologiya””, “Art-terapiya metodlari (ertak, qum art terapiya va boshqalar)” hamda “Proyektiv metodikalar va ularni qo‘llash amaliyoti” mavzularida trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi. O‘quv-seminarlar yakunida ta’lim tizimida psixologik xizmatni takomillashtirish, pedagoglar kasbiy salohiyatini oshirish hamda o‘quvchilar, ota-onalar va pedagoglar uchun barqaror psixologik muhitni shakllantirishga yo‘naltirilgan ushbu tadbirda samarali hamkorlik qilganligi uchun hududiy trenerlarga tashakkurnomalar, trening mashg‘ulotlarida faol ishtirok etgan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi. Mazkur o‘quv-seminarlar psixologlarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, amaliy ish uslublarini boyitish, muammoli vaziyatlarni erta aniqlash va oldini olish bo‘yicha yagona yondashuvni shakllantirishga hamda hududlarda psixologik xizmat sifatini oshirish bo‘yicha navbatdagi bosqichli ishlar uchun metodik-amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi.

















