Tarixiy joylarga sayohat tashkil etildi

Mo‘ynoq tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli ta’lim muassasalari rahbarlari uchun yurtimizning tarixiy va ma’naviy merosini yaqindan o‘rganishga qaratilgan ma’rifiy sayohat tashkil etildi.

Sayohatning dastlabki manzili O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ldi. Ishtirokchilar ushbu zamonaviy ilm-ma’rifat markazida jamlangan noyob tarixiy eksponatlar bilan yaqindan tanishib, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar hayoti va ilmiy faoliyati, ularning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi hamda xalqimizning boy madaniy va ilmiy merosi haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Shuningdek, tashrif davomida muassasa rahbarlari Samarqand viloyatidagi Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasi va Registon maydonini ziyorat qilib, bu tarixiy obidalarning bunyodkorlik tarixi, me’moriy qiymati va ma’naviy ahamiyati bilan yaqindan tanishdi.

 Bunday ma’rifiy sayohatlar ta’lim tizimi rahbarlarining tarixiy xotira va milliy o‘zlikni mustahkamlash, ma’naviy dunyoqarashini boyitish, yosh avlodni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi mas’uliyatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.