Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toʻrtkoʻl tumanidagi 77- va 45-umumtaʼlim maktablari direktorligi uchun oʻtkazilgan tanlovlarga doir ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan xabarlar Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan oʻrganildi.

Oʻrganish jarayonida Toʻrtkoʻl tumanidagi 77-sonli maktab direktorligi lavozimi uchun oʻtkazilgan tanlov jarayonida taʼmagirlik, tanish-bilishchilik va qonunbuzilish holatlari roʻy berganligiga doir xabarlar oʻz tasdigʻini topmadi.

Shuningdek, mazkur lavozimga nomzod sifatida koʻrsatilgan — Toʻrtkoʻl tumanidagi 63-sonli maktab direktori oʻrinbosari A.E. tomonidan tanlov jarayonlarida taʼmagirlik yoki boshqa korrupsiyaviy holatlarga duch kelinmaganligi qayd etib oʻtildi.

Toʻrtkoʻl tumanidagi 45-sonli maktab direktorligi uchun arizasi qabul qilingan nomzodlarning hujjatlari hozirda oʻrnatilgan tartibda oʻrganilayotganligini maʼlum qilamiz. Ushbu nomzodlar ishtirokida oʻtkaziladigan suhbat sinov jarayonlari vaqti va boshqa maʼlumotlar xususida ishtirokchilar xabardor qilinadi.

Maʼlumot uchun: amaldagi tartibga koʻra, umumtaʼlim maktablarning vakant direktor lavozimlari uchun nomzodlar belgilangan malaka talablariga javob beradigan hamda menejerlik sertifikatiga ega boʻlgan nomzodlarning manager.uzedu.uz portalıga yuborgan arizalari orqali saralab olinadi.

Shundan soʻng hududiy Direktorlar kengashi tomonidan nomzoddar ishtirokida suhbat oʻtkaziladi va suhbat yakunlari boʻyicha Direktorlar kengashining tavsiyasi asosida eng yaxshi, deb topilgan nomzod maktab direktorligi lavozimiga ishga qabul qilinadi.

QR Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Axborot xizmati