Tarixiy joylarga sayohat tashkil etildi
Shumanay tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli muassasa rahbarlari uchun ichki turizmni rivojlantirish, tarixiy-madaniy merosimizni keng targ‘ib qilish va ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashni boyitish maqsadida tarixiy joylarga sayohat tashkil etildi.
Sayohat Qoraqalpog‘iston Respublikasining tarixiy-me’moriy yodgorliklaridan biri Chilpiq qo‘rg‘onidan boshlandi. Ishtirokchilar ushbu qadimiy obidaning ko‘p asrlik tarixi, me’moriy xususiyatlari va xalqimiz sivilizatsiyasidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Keyingi manzil qadimiy Xiva shahri bo‘lib, ishtirokchilar ko‘k plitkalari bilan shuhrat qozongan Kalta Minor, Xiva xonlarining qarorgohi bo‘lgan Ko‘hna Ark, naqshinkor bezaklari bilan ajralib turadigan Toshhovli saroyi, 200 dan ortiq yog‘och ustunlari bilan mashhur Juma masjidi va Xivadagi eng baland me’moriy inshoot hisoblangan Islomxo‘ja minorasi bilan yaqindan tanishdi.
Sayohat Arda Xiva majmuasiga tashrif bilan yakunlandi. Ishtirokchilar tarixiy obidalar, milliy qadriyatlar va ajdodlarimizning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishib, o‘zlarida unutilmas taassurotlar oldi.
Tarixiy qadamjolarga uyushtirilgan ushbu sayohat ishtirokchilarda ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosga bo‘lgan yuksak hurmat tuyg‘usini yanada kuchaytirib, milliy tariximiz va madaniyatimizni chuqurroq anglash imkonini berdi.


















