Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanidagi maktab direktorlarining rotatsiya jarayoni bo‘yicha quyidagi mazmundagi murojaat tarqaldi.
Tarqalgan murojaat bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2025-yil 23-maydagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimida korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, shu jumladan maishiy korrupsiyaga barham berish hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha tasdiqlangan Yo‘l xaritasiga asosan Beruniy tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining 2025-yil 27-iyundagi Yo‘l xaritasi tasdiqlangan. Mazkur Yo‘l xaritasining 4-bandiga muvofiq, Beruniy tumani maktabgacha va maktab ta’limi tizimida korrupsiya xavf-xatarlarini kamaytirish, boshqaruvda shaffoflikni ta’minlash hamda kadrlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish maqsadida bir lavozimda 5–10 yildan ortiq faoliyat yuritayotgan ta’lim tashkilotlari rahbarlarini 2025-yilning oktyabr–noyabr oylarida rotatsiya qilish belgilangan.
Ushbu Yo‘l xaritasi ijrosini ta’minlash maqsadida 2025-yil noyabr oyida umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlarini rotatsiya qilish ishlari amalga oshirilgan. Xususan, 64-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori R.E 38-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga, 38-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori B.B 66-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga hamda 66-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Z.E 64-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi talablariga hamda vakolatli organning tegishli buyruqlariga asosan rotatsiya qilingan. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida yaqin qarindoshlarning davlat organlari yoki davlat muassasalari tizimida faoliyat yuritishi umumiy qoida tariqasida taqiqlanmagan.
Qonunchilikda belgilangan cheklovlar asosan yaqin qarindoshlarning biri ikkinchisiga bevosita bo‘ysunadigan, uning faoliyatini nazorat qiladigan yoki manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqaradigan lavozimlarda ishlashiga nisbatan qo‘llaniladi. Shu munosabat bilan, turli umumiy o‘rta ta’lim maktablarida direktor lavozimida faoliyat yuritayotgan yaqin qarindoshlarning o‘zaro qarindoshlik munosabatining o‘zi ularni rotatsiya qilishga to‘sqinlik qilmaydi. Chunki ular mustaqil yuridik shaxs hisoblangan alohida ta’lim muassasalariga rahbarlik qiladi hamda bir-biriga bevosita bo‘ysunish yoki nazorat munosabatlarida bo‘lmaydi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga muvofiq xodimni boshqa ish joyiga o‘tkazish yoki boshqa lavozimga tayinlash qonunchilikda belgilangan tartibda va vakolatli organ qarori asosida amalga oshiriladi. Mazkur holatda ham direktorlarni rotatsiya qilish belgilangan tartibda vakolatli organning tegishli buyruqlari bilan rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuni hamda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga oid normalarda davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda xizmat faoliyatining xolisligini ta’minlash nazarda tutilgan. Biroq ushbu normalar yaqin qarindoshlarning turli ta’lim muassasalarida mustaqil rahbar sifatida faoliyat yuritishini taqiqlamaydi. Shunday ekan, faqatgina qarindoshlik munosabati mavjudligi maktab direktorlarini turli ta’lim muassasalarida faoliyat yuritishi yoki ularni rotatsiya qilishni noqonuniy deb baholash uchun asos bo‘la olmaydi. Mazkur rotatsiya korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish, kadrlar almashinuvini ta’minlash hamda xizmat manfaatlarini ko‘zlagan holda vakolatli organ tomonidan amaldagi qonunchilik va tasdiqlangan Yo‘l xaritasi talablariga muvofiq amalga oshirilgan. Yuqoridagilardan kelib chiqib, murojaatda bayon etilgan holatlar bo‘yicha maktab direktorlarini rotatsiya qilish amaldagi qonunchilik talablariga zid emasligi hamda belgilangan tartib asosida amalga oshirilganligi ma’lum qilinadi.
















