Joriy yilning 13-avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida byudjet muassasalarida yillik va choraklik hisobotlarni tayyorlash tartiblaridagi o‘zgarishlar, davlat xaridlarini amalga oshirish holati hamda ta’lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan seminar tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi loyihalashtirish ofisi, O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasining Qoraqalpog‘iston filiali, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda vazirlikning tegishli bo‘lim va sektorlarining mas’ul vakillari ishtirok etdi.
Davlat xaridlari tahlil qilindi
➖ Seminar davomida 2026-yilning birinchi yarim yilligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi byudjet buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlari tahlil qilindi.
➖Xususan, yetkazib beruvchilar doirasini kengaytirish, sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash, ayrim yetkazib beruvchilar bilan takroran shartnomalar tuzilishi sabablarini o‘rganish hamda davlat xaridlarini imkon qadar raqobat asosida tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
➖ Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlar ulushi yuqori bo‘lgan hududiy bo‘linmalar faoliyatini tanqidiy tahlil qilish, bunday xaridlarning huquqiy asoslarini o‘rganish va raqobatli xarid usullaridan foydalanish darajasini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Xaridlarni to‘g‘ri rejalashtirish — muhim vazifa
➖ Bekor qilingan shartnomalar, ayniqsa, bir xil yetkazib beruvchilar bilan qayta-qayta shartnoma tuzilib, keyinchalik bekor qilingan holatlarning sabablarini har bir buyurtmachi kesimida o‘rganish zarurligi ta’kidlandi.
➖ Shu bilan birga, bir xil turdagi tovar, ish va xizmatlarga bo‘lgan yillik hamda choraklik ehtiyojlarni oldindan shakllantirish, xaridlarni umumlashtirilgan holda rejalashtirish va bir turdagi xaridlarni qisqa vaqt oralig‘ida ko‘plab alohida shartnomalarga ajratib rasmiylashtirish holatlarining oldini olish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Raqobat va ichki nazoratni kuchaytirish
➖ O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasining Qoraqalpog‘iston filiali mutaxassisi tomonidan maxsus bir yetkazib beruvchilar bilan ko‘p marotaba shartnoma tuzilishi holatlarini tahlil qilish, raqobat muhitini kengaytirish hamda mahalliy yetkazib beruvchilarni xarid jarayonlariga kengroq jalb etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
➖ Shuningdek, davlat xaridlariga mas’ul xodimlarning malakasini oshirish, xaridlarni rejalashtirishdan tortib shartnoma ijrosigacha bo‘lgan jarayonlarda ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurash — doimiy e’tiborda
➖ Seminarda ta’lim sohasida so‘nggi 6 oy davomida amalga oshirilgan ishlar, o‘tkazilgan monitoringlar natijalari va aniqlangan xato-kamchiliklar ham tanqidiy nuqtayi nazardan muhokama qilindi.
Shuningdek, amaldagi qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar uchun belgilangan javobgarlik choralari, huquqiy nigilizm va uning oqibatlari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
➖ Ta’lim tizimida davlat byudjeti mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Seminarda bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, ularning kelgusida takrorlanishining oldini olish, davlat xaridlarida shaffoflik va raqobatni ta’minlash hamda moliyaviy intizomni yanada mustahkamlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilab olindi.

















