Ijtimoiy tarmoqlarda To‘rtko‘l tumani 75-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining yangi binosi foydalanishga topshirilmasdan turib, bino poydevorining beton qismlari yemirilayotgani haqida xabar tarqaldi.
Mazkur holat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan nazoratga olinib, tegishli tartibda o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida aniqlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-sentabrdagi PQ-5246-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-oktabrdagi 552-son qarori asosida Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot fondi ishtirokida To‘rtko‘l tumani “Do‘stlik” MFY hududida 220 o‘rinli 75-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining yangi binosi qurilgan.
Qurilish jarayonida aniqlangan ayrim kamchiliklar bo‘yicha quruvchi tashkilot — “Bobir Buxoro qurilish klaster” MCHJ tomonidan tegishli ta’mirlash va bartaraf etish ishlari amalga oshirilib, aniqlangan kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgan.
Ayni paytda maktab binosi foydalanishga topshirishga tayyor holatga keltirilgan bo‘lib, yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
QR Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Axborot xizmati
















