Qoraqalpog‘istonda maktab o‘quvchilari o‘rtasida suv resurslaridan tejamli foydalanish, atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish hamda gigiyenaga oid foydali odatlarni rivojlantirishga qaratilgan “Suv va ta’lim” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bir necha yildan buyon UNICEF bilan hamkorlikda ta’lim sohasida qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. “Suv va ta’lim” loyihasi ham ushbu hamkorlikning davomi bo‘lib, yosh avlodning ekologik bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida Nukus shahridagi Orolbo‘yi mintaqasi xalqaro innovatsiya markazida besh kunlik seminar-trening tashkil etilmoqda.
Unda Nukus shahri, Qonliko‘l, Shumanay, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlaridan 100 nafar o‘qituvchi hamda 20 nafar maktab ma’muriyati vakili ishtirok etmoqda.
Mazkur loyiha Fransiya taraqqiyot agentligi (Agence Française de Développement) ko‘magida O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikasida tajriba-sinov loyihasi sifatida amalga oshirilmoqda.
Seminar davomida o‘qituvchilar suvning qadrini bolalarga erta yoshdan tushuntirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, gigiyena va ekologik mas’uliyat mavzularini dars jarayonida qiziqarli hamda tushunarli tarzda yoritish usullarini o‘rganmoqda.
Loyiha doirasida ZN Standard MCHJ ko‘magida o‘quvchilar uchun maxsus o‘quv materiallari ham tayyorlandi. Mazkur materiallar boshlang‘ich va yuqori sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan bo‘lib, ularda suvni tejash, gigiyena, suvdan oqilona foydalanish va kundalik hayotda ekologik mas’uliyatni oshirishga oid amaliy mavzular qamrab olingan.
Loyiha natijasida o‘quvchilar orasida suvni tejash, bo‘tana suvlaridan ikkilamchi maqsadlarda foydalanish, shaxsiy va jamoat gigiyenasiga e’tiborli bo‘lish kabi foydali odatlarni shakllantirish ko‘zda tutilgan.

















