Maktab psixologlari uchun Respublika seminari o‘tkazildi

“Yagona psixologik xizmat: o‘quvchi, ota-ona hamda pedagoglar bilan birgalikda ishlashda shaxsiy rivojlanish, sog‘lom muhit va ijobiy o‘zgarishlarni shakllantirish” mavzusida Respublika seminari tashkil etildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Aybek Dauletbaev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining katta yordamchisi Eleanora Kaipova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Hurzada Reymqulova hamda maktab psixologlari ishtirok etdi.

Seminar davomida maktab psixologlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini zamonaviy ilmiy yondashuvlar, innovatsion metodlar hamda amaliy psixologiya tajribasi asosida boyitishga alohida e’tibor qaratildi.

Jumladan, o‘quvchilarning yosh va individual psixologik xususiyatlarini aniqlash, stress, konflikt va krizisli vaziyatlarda samarali psixologik yordam ko‘rsatish, ota-onalar va pedagoglar bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish, ta’lim jarayonida motivatsiyani oshirish hamda ijobiy psixologik muhit yaratish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, psixologlar o‘rtasida tajriba almashish, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish, profilaktika va psixologik yordam tizimini takomillashtirish hamda maktab jamoasida sog‘lom muloqot, o‘zaro hurmat va hamkorlik muhitini shakllantirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Maqsad — har bir o‘quvchining psixologik ehtiyojini inobatga olgan holda, ta’lim jarayonida sog‘lom va ijobiy muhitni ta’minlash hamda maktab psixologlari faoliyatining samaradorligini yanada oshirish.