Nukus davlat pedagogika institutida “El-yurt umidi” jamg‘armasi vakillari va yoshlar ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi

Mazkur uchrashuv mamlakatimiz hududlarida xalqaro ta’lim dasturlarini ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni global akademik hamjamiyatga jalb etish hamda O‘zbekistonning inson kapitalini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli “El-yurt umidi” jamg‘armasi kunlari doirasida tashkil etildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi kotibiyat mudiri Bekbay Kalimbetov, «El-yurt umidi» jamg‘armasi ijrochi direktori o‘rinbosari Davron Abdurashidov, jamg‘arma mas’ul xodimlari Qahroman Bektimrov, Abduaziz Kenjabayev, Rita Aytmuratova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Aybek Dauletbaev ishtirok etib, yoshlar bilan ochiq muloqot qildi.

Uchrashuvda xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirgan, B2 va C1 darajadagi xalqaro sertifikatlarga ega umumta’lim maktablari o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalari talabalari, yoshlar yetakchilari hamda yosh davlat xizmatchilari qatnashdi.

Muloqot davomida:
➖ “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyati va xorijda ta’lim olish imkoniyatlari;
➖ dunyoning yetakchi universitetlarida tahsil olish uchun mavjud dastur va grantlar;
➖ ochiq stipendiya tanlovlarida ishtirok etish tartibi va nomzodlarga qo‘yiladigan talablar;
➖ stipendiatlarning xorijda ta’limni tamomlagandan so‘ng O‘zbekistonda munosib ish bilan ta’minlanishi, kasbiy va mansab pog‘onalarida o‘sishi hamda Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilishi kabi masalalar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, tuman va shaharlarda tashkil etiladigan studiyalar orqali umumta’lim maktablari hamda texnikumlar o‘quvchilari, xorijda tahsil olish istagidagi yoshlar uchun onlayn uchrashuvlar ham tashkil etildi.

Tashabbusning asosiy maqsadi — mamlakatning barcha hududlaridagi iqtidorli yoshlar, ayniqsa, chekka hududlarda istiqomat qiluvchi hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillariga dunyoning nufuzli universitetlarida ta’lim olish imkoniyatlari haqida keng ma’lumot berishdan iborat.