O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-20-avgust kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar bo‘yicha «Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga tushirish va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar to‘g‘risida» gi 36-sonli bayonnomasi qabul qilingan. Mazkur bayonnomaning 36-bandida Yoshlarni IT va ingliz tiliga o‘qitish bilan birga ularga IT loyiha menejerligi hamda startaplarni rivojlantirish asoslariga o‘qitish ishlarini tashkil etish vazifasi belgilangan.

«Muhammad al-Xorazmiy vorislari» markazlari ikkita bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda Nukus shahri, Amudaryo, Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot, Qorao‘zak, Kegeyli, Xo‘jayli va Ellikqal’a tumanlarida, ikkinchi bosqichda esa qolgan tumanlarda tashkillashtirish ko‘zda tutilmoqda.

«Muhammad al-Xorazmiy vorislari» loyihasida o‘quvchilar hududdagi IT-kompaniyalar bilan hamkorlikda, mehnat bozori talablarini inobatga olgan holda o‘quvchilarda amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Xususan, dasturlash bilimlari bilan birga, o‘quvchilarda loyihalarni amalga oshirish, jamoada ishlash va g‘oyalarni ilgari surish, to‘g‘ri fikrlash kabi shaxsiy rivojlanish ko‘nikmalarini shakllantirishga e’tibor qaratiladi.

Bitiruvchilar ta’lim texnologiyalari va xorijiy tillar bo‘yicha xalqaro sertifikat olish darajasida tayyorlanadi va xalqaro IT-bozorga yo‘naltiriladi.

«Muhammad Al-Xorazmiy vorislari» 7-10-sinf o‘quvchilari uchun bepul tashkil etilib, xalqaro IT bozoriga tayyor mutaxassis qilib chiqarish maqsad qilingan kadrlar tayyorlashning noyob dasturidir.