Maktab direktorlari uchun seminar tashkil etildi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan chiqarilgan «Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi hisobidan malakali pedagog kadrlarni qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi maxsus buyruq asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Pedagog kadrlar attestatsiyasida majburiylik va davriylikni ta’minlash maqsadida zoom dasturi orqali onlayn seminari tashkil etildi. Seminarda vazirlik mas’ul xodimlari, barcha tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’lim muassasalari direktorlari ishtirok etdi. Seminarda asosan: – kelgusi attestatsiyalarda attestatsiyadan o‘tganligiga besh yil to‘lgan va besh yil to‘lgan yil davomida amaldagi malaka toifasini himoya qilmagan yoki malaka toifasini oshirmagan pedagog kadrlarni navbatdagi majburiy attestatsiyaga o‘z vaqtida jalb etish; – pedagoglarning davlat xizmatlari markazi yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki vazirlikning pedkadr.uzedu.uz rasmiy veb-sayti orqali hujjatlarni yuborishda attestatsiya shaklini to‘g‘ri tanlash (navbatdagi majburiy yoki navbatdan tashqari), ish joyi, fanini, amaldagi toifasini, amaldagi sertifikatining seriyasi va raqamlarini to‘g‘ri ko‘rsatish choralarini ko‘rilishini ta’minlash kiritish masalalari haqida so‘z yuritildi. Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 sentyabrdagi «Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi maxsus qaroriga asosan kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish jarayonini har yili 2 marta, yanvar-iyun va avgust-dekabr oylarida tashkil etish belgilangan.