Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari A.Dauletbayev, Respublika ta’lim markazi direktori Q.Jubanov, asosiy fanlar olimpiadasida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar va ularning ustozlari, ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.

Ochiq muloqotda vazirning birinchi o‘rinbosari so‘zga chiqib, o‘tgan yilgi asosiy fanlar olimpiadasi haqida batafsil ma’lumot berdi.
2024 yilning 21-25 oktyabr kunlari oralig‘ida 17 ta fandan o‘tkazilgan asosiy fan olimpiadasining ikkinchi tuman (shahar) bosqichiga davlat va nodavlat umumiy o‘rta ta’lim maktablari, kasb-hunar maktablari hamda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga qarashli ixtisoslashtirilgan maktablarning 9-sinflaridan 11 185, 10-sinflaridan 9832, 11-sinflaridan 9364 nafar o‘quvchi, jami 30 381 nafar o‘quvchi o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.

Olimpiada yakunida 9-sinflarda 738 nafar, 10-sinflarda 735 nafar, 11-sinflarda 733 nafar, jami 2206 nafar o‘quvchi g‘olib deb topildi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanma berildi.
Asosiy fan olimpiadasining uchinchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi 2024 yilning 25 noyabr – 4 dekabr kunlari Nukus shahridagi 24-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘tkazildi.
Olimpiadaning uchinchi bosqichini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida vazirlikning tashkiliy qo‘mitasi tarkibi tasdiqlandi, fanlar va sinflar kesimida o‘quvchilar va ularning ishlarini baholash uchun hakamlar hay’ati a’zolarining ro‘yxatlari shakllantirilmoqda.
Shuningdek, ota-onalar va o‘qituvchilarning olimpiada jarayoni borishini ijtimoiy tarmoqlarda jonli kuzatib borish uchun Youtube kanalida to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn kuzatib borildi.
Olimpiadaga 17 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha 9-sinfdan 787 nafar, 10-sinfdan 896 nafar, 11-sinfdan 866 nafardan jami 2549 nafar o‘quvchi faol qatnashib, olimpiada yakunida 9-sinfdan 51, 10-sinfdan 51, 11-sinfdan 51 nafardan jami 153 nafar o‘quvchi g‘olib deb topildi.
2024 yilning 13 dekabr kuni Nukus shahridagi Temurbeklar maktabi harbiy akademik litseyida g‘olib o‘quvchilar va ularning ustozlariga vazirlik tomonidan tayyorlangan diplom va faxriy yorliqlar, shuningdek, g‘olib o‘quvchilarga belgilangan tartibda 1-o‘rin uchun – 2 million 250 ming so‘m, 2-o‘rin uchun – 1 million 500 ming so‘m, 3-o‘rin uchun – 1 million 125 ming so‘m bir martalik pul mukofotlari topshirildi.
11-sinf o‘quvchilaridan 48 nafar o‘quvchi 2025 yilning mart oyida o‘tkaziladigan olimpiadaning respublika yakuniy bosqichida ishtirok etadi.
Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga tegishli vakillardan javoblar oldi.