2024-2025-o‘quv yili 1-chorak yakunlari bilan «Qoraqalpog‘iston tajribasi» Amudaryo tumani misolida barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-sinf o‘quvchilari ishtirokida ta’lim sifati tashqi (onlayn) monitoringi respublikada birinchilardan tajriba-sinov sifatida o‘tkazilgan edi. Tajriba-sinov yakunlari o‘zining ijobiy yechimini topdi.
Xususan, monitoring natijalarida umumta’lim fanlaridan o‘quvchilarda aniqlangan bo‘shliqlarni to‘ldirish bo‘yicha Respublika ta’lim hamda pedagoglar mahorat markazlari metodistlari tomonidan metodik yordam ko‘rsatish maqsadida metodik tavsiyalar, dars ishlanmalari hamda namunaviy topshiriqlar ishlab chiqilib, barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablariga tatbiq etildi.
Shuni ham alohida ta’kidlashimiz kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ruxsati bilan maxsus reja-jadval asosida 2025 yil davomida «Qoraqalpog‘iston tajribasi» Amudaryo tumani misolida birinchi marta barcha shahar, tumanlardagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-sinf o‘quvchilari ishtirokida ta’lim sifati tashqi (onlayn) monitoringini o‘tkazishga start berilmoqda.
Joriy yil fevral oyining uchinchi o‘n kunligida To‘rtko‘l, Ellikqal’a hamda Beruniy tumanlaridagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ta’lim sifati tashqi (onlayn) monitoringi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Tashqi monitoringni o‘tkazishdagi maqsad:
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilarni ommaviy tarzda xolis baholash, o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya jarayoniga ta’lim-tarbiyaning samarali usullari va umumta’lim fanlari bo‘yicha o‘quvchilarning o‘zlashtirishini doimiy nazorat qilish, davlat ta’lim standartlari talablarining bajarilishi, o‘quvchilarning bilimi va ta’lim sifatiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni aniqlash va ularni to‘ldirishdan iborat.