Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida mamlakatimiz bo‘ylab giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi bosh ilmiy xodimi Janibek Yusupov, Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Jinoyat-qidiruv xizmati mas’ul xodimi Nodirbek Abdurasulov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Qadirbay Ismayilov, Respublika o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik tashxis markazi metodisti Rahmonjon Abdullayev, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali narkolog shifokori Bo‘ribay Qayipnazarov, shuningdek, institutning yoshlar ta’lim-tarbiyasi bo‘yicha mas’ullari, umumta’lim maktablarining psixolog va inspektor-psixologlari ishtirok etdi.

Tadbirda institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov so‘zga chiqib, giyohvandlik va psixotrop moddalar muammosi bugungi kunning eng global va dolzarb muammolaridan biri ekanligini ta’kidladi. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida bu illatlarning tarqalishi jamiyatimiz uchun katta xavf tug‘diradi.

Seminarda so‘zga chiqqanlar tomonidan ushbu muammoning oldini olish va yoshlarni bunday zararli illatlardan saqlab qolish uchun tushuntirish hamda targ‘ibot-tashviqot ishlarining samaradorligini oshirishning ahamiyati yuqori ekanligi alohida ta’kidlandi.

Giyohvandlik va psixotrop moddalardan foydalanish nafaqat insonning jismoniy salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, balki ruhiy salomatligi va ijtimoiy hayotida ham o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan yo‘qotishlarga olib keladi. Giyohvandlikka berilgan yoshlar o‘qish, ish va shaxsiy hayotda yuqori natijalarga erisha olmaydi, oila a’zolari va do‘stlari bilan muloqotda muammolar yuzaga kelib, ijtimoiy izolyatsiyaga tushib qoladi.

Buning oldini olish uchun yoshlar o‘rtasida muntazam ravishda ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini tashkil etib, yoshlarga sog‘lom turmush tarzi va giyohvandlikdan saqlanish yo‘llari haqida ma’lumotlar berib borish muhim hisoblanadi.

Shu bilan birga, oila va jamiyatning rolini oshirish, qonunchilik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, yoshlar uchun psixologik yordam ko‘rsatish va reabilitatsiya ishlarini yo‘lga qo‘yish giyohvandlik va psixotrop moddalarning yoshlar o‘rtasida tarqalishining oldini olishga xizmat qiladi.

Seminar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu muammoning oldini olish uchun jamiyatning barcha qatlamlari, jumladan, ota-onalar, pedagog xodimlar, davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorlikda ish olib borishi zarurligini, faqatgina birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali yoshlarni giyohvandlik va psixotrop moddalardan himoya qilish, shuningdek, sog‘lom va yutuqlarga to‘la hayot yo‘lini ko‘rsatish mumkinligini ta’kidladi.