RASMIY MUNOSABAT

Ijtimoiy tarmoqlarda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga yetkazib berilayotgan sut mahsulotlarining qadoqlanishi yuzasidan bildirilgan fikrlar bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Keytering tashkilotlari tomonidan o‘quvchilarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan kelishilgan, 7–11 yoshli o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan tasdiqlangan taomnoma (menyu) asosida yetkazib berilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan 200 ml, 500 ml va 1 litr hajmdagi plastik idishlarda qadoqlangan sut mahsulotlarini qabul qilmaslik bo‘yicha tegishli tashkilotlarga topshiriqlar berilgan va ushbu masala doimiy nazoratga olingan. Hozirgi kunda umumiy o‘rta ta’lim maktablariga sut mahsulotlari tetrapak qadoqlarda yetkazib berilmoqda.

Ma’lumot uchun: yetkazib berilayotgan taomlarning tarkibi, sifati va belgilangan talablarga muvofiqligini doimiy nazorat qilish maqsadida har bir umumiy o‘rta ta’lim maktabida 5 nafar a’zodan iborat maxsus komissiya tashkil etilgan. Komissiya tarkibiga maktab direktori, hamshira hamda ota-onalar vakillari kiritilgan.

Mazkur masala mas’ul tashkilotlar tomonidan doimiy nazorat qilib borilmoqda.