Ijtimoiy tarmoqlar orqali Beruniy tumani 22-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida ishlovchi xodimlar o‘rtasida e’tirozlar va maktabda aniqlangan xato-kamchiliklar haqida tarqalgan video murojaat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ishchi guruh tuzilib, o‘rganish ishlari olib borildi.

Beruniy tumani 22-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida olib borilgan o‘rganish ishlari natijasida quyidagilar aniqlandi.

Xususan, maktabda o‘quv-tarbiya jarayoni, mehnat qonunchiligi, xodimlarni ishga qabul qilish tartibi, jamoada sog‘lom muhitning ta’minlanishi, pedagoglarga darslar taqsimotida qonun talablariga rioya etilishi hamda sanitariya-gigiyena qoidalari bo‘yicha bir qator xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Shu bilan bir qatorda, vazirlik ishchi guruhi a’zolari tomonidan maktabning jami 34 nafar pedagog xodimlari ishtirokida suhbat o‘tkazilib, suhbat jarayonida darslar taqsimotida hech qanday pul yig‘ish holatlari uchramagani ma’lum bo‘ldi. Bu borada maktab o‘qituvchilari o‘zlarining tushuntirish xatlarida keltirib o‘tdilar hamda tasdiqlovchi dalillar aniqlanmadi.

Aniqlangan xato-kamchiliklar bo‘yicha maktab direktoriga qonun talablariga rioya etmasdan o‘z xizmat vazifalariga loqaydlik bilan qaraganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 312-moddasi 1-qismi 2-bandiga asosan «O‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz (30%) foizi miqdorida jarima» intizomiy jazo chorasi qo‘llanilganligini ma’lum qilamiz.

QR Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Axborot xizmati