O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2025 yil 30 apreldagi Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligini o‘tkazish to‘g‘risidagi maxsus buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Nukus shahridagi «Temurbeklar maktabi» harbiy akademik litseyida keng qamrovli Respublika seminari va ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi – ta’lim sohasida yuzaga kelayotgan korrupsiya holatlarining oldini olish, mavjud muammolarni ochiq-oydin muhokama qilish va bu boradagi mas’uliyatni oshirishdan iborat bo‘ldi. Tadbirni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri G.Kojabaeva ochib berdi va boshqarib bordi. Ushbu ochiq muloqotda, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Xalqaro huquq va inson huquqlarini himoya qilish kafedrasi o‘qituvchisi Sh.Xalilov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining katta yordamchisi B.Agitaev, Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi raisi Sh.Shamambetov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi mutaxassisi B.Matjanova, vazir o‘rinbosarlari, bo‘lim boshliqlari, tuman (shahar) ta’lim bo‘limi boshliqlari, maktabgacha va maktab direktorlari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi. Tadbir davomida ta’lim tizimida uchrayotgan korrupsiya holatlari va ularning oqibatlari keng muhokama qilindi. So‘zga chiqqanlar bunday salbiy illatlarning ildizlari haqida fikr bildirib, rahbarlarning shaxsiy mas’uliyati eng asosiy omil ekanini alohida ta’kidladi. Tanqidiy ruhda o‘tgan muloqotda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi amaliy choralar, ochiqlikni ta’minlash va fuqarolik nazoratini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Ushbu tadbir korrupsiyaga qarshi kurashishda hamkorlikni mustahkamlash, xolislik va halollik muhitini shakllantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.